Qatron - So'fiy barkamollik maktabi
Zamonamiz so‘fiysi Safarboy ota hamisha shariatni hurmat bilib, tariqatda nur topgancha, ma’rifatdan ma’vo izlab, xalq manfaati yo‘lida beminnat xizmat qilgan orif insondir.
Xo‘sh, Nursafardiyya maktabining g`oyasi qanday ko‘rinishga ega? Uning mazmun-mohiyatini nimalar tashkil etadi?
Nursafardiyya aynan tasavvuf dunyosining ichida, ya’ni mag`zi botinida shakllanayotgan irfoniy maktabdir. Shayx Nursafardiyning bu borada mohiyatan qarashlari mavjud. Ya’ni maktab quyidagilarni o‘z ichiga oladi.
Birinchidan, Alloh yo‘lida sobitqadamlik. Toat-ibodat, zikr orqali Haq jamoliga intilish, Tangridan ilohiy quvvat topish. Yuksak tafakkur va toza qalb, botiniy musaffolik orqali Allohni doimo yodda tutish.
Ikkinchidan, nafs tarbiyasi. O‘zlikni poklash. Vujudni nafsoniy xirslardan tiyish. Shaytonga xay bermoq. Nojo‘ya, insoniy xislatlarga yot bo‘lgan chirkin odatlardan voz kechish. Vujudni yuksak darajada tarbiyalab, ong quvvatini kamolot nuqtasiga yetkazish.
Uchinchidan, shariatga doimo hurmatda bo‘lmoq. Uning shartlariga amal qilmoq. Nursafardiyning ta’kidlashicha, har qanday so‘fiy avvalambor shariat yo‘lini bosib o‘tadi. Shariatsiz tariqat yo‘qdir. Demak, shariat mevasidan bahramand bo‘lgan kishi, yohud so‘fiy hech qachon tuzluqqa tupurmasligi lozim. Chunki so‘fiyning so‘fiy darajasiga yetmog`ida shariatning ham munosib o‘rni bor. Shariat shartlariga amal qilmoq chin so‘fiyga xos fazilatdir.
To‘rtinchidan, yosh avlod tarbiyasiga kuchli e’tibor qaratish. Tafakkur tarbiyasini kuchaytirish. Bu borada Nursafardiyning odob-axloq, tartib-intizom, insoniylik hulqlari xususida „Nursafardiyya – tafakkur tarbiyasi“ nomli tarbiyaviy ahamiyatga molik kitoblari mavjud.
Beshinchidan, har bir inson ruhan tetik, jismonan baquvvat bo‘lmog`i lozim. Ana shundagina inson haqiqiy kamolot cho‘qqisiga yetadi. Maktab qoshidagi so‘fiy jang san’ati har bir insonni ham ruhan, ham jismonan yuksak darajaga ko‘taradi, ma’naviyatini boyitadi. Sog`lom turmush tarzi bilan ta’minlaydi.
Oltinchidan, Nursafardiyya maktabida tabobat muhim o‘rin tutadi. Shayx Nursafardiy tabobat ilmida kuchli ilohiy ilmga ega bo‘lib, xalq dardiga shifo izlab, o‘zining beminnat xizmati ila zamondoshlarimiz qalbidan joy olgan. Maktabning ushbu dasturi ham xalq yo‘lidagi munosib harakatdir.
Yettinchidan, maktabning shunday shiori mavjudkim, „Haq yo‘lida haqparvar, xalq yo‘lida xalqparvar“. Demak, Haq yo‘lida jonfidolik, riyozat va mashaqqat o‘z o‘rnida bo‘lsa, bir tomondan xalq yo‘lida ham jonkuyarlik Nursafardiyning asl maqsadi. Shu o‘rinda savol tug`iladi. Xo‘sh, so‘fiy Nursafardiy Haq yo‘lida sobitqadam ekan, xalq yo‘lida qanday xizmat qilmoqda? Birinchidan, ilohiy ilm sohibi so‘fiy tabobati orqali minglab bemorlarning dardiga darmon bo‘lmoqda. Ikkinchidan, yo‘qolib borayotgan ba’zi bir ma’daniy meroslarimizni asrab qolish ilinjida harakat qilib, uni kelajak avlodlarga yetkazmoqda. Bunga ba’zi xalq o‘yinlari, raqslari, laparlarini misol qilib keltirish mumkin. Uchinchidan, ota-onasiz qolgan yetim-esirlarni o‘z qaramog`iga olish, ularni bekam-i ko‘st voyaga yetkazib, jamiyat uchun foydasi tegadigan farzand qilib tarbiyalamoqda. To‘rtinchidan, jamiyat va Vatan uchun sog`lom, baquvvat, botir va mard yigitlarning kamolot darajasini belgilovchi so‘fiy jang san’ati orqali fidoyi farzandlarni tarbiyalamoqda.
Sakkizinchidan, ajdodlarimiz tasavvuf durdonalarini mukammal o‘rganish. Tariqat javohirlaridan bahra olib, madaniy cho‘qqilarni zabt etish.
To‘qqizinchidan, maktabning o‘ziga xos dasturlarini xalq ommasiga havola etib, aholini undan bahramand etish. Ya’ni, maktabning o‘n to‘rt darslik majmuasini nashrdan chiqarish (shu kunga qadar maktab hayotiga bog`liq bir necha kitob nashrdan chiqib, o‘z o‘quvchisini topib ulgurdi).
O‘ninchidan, Nursafardiyya maktabi so‘fiy maktabidir. Uning ta’limoti faqat ezgulikka, Haq yo‘lida iymonli bo‘lishga, insonlar orasida mehr-oqibatni asrashga, Vatanga fidoyi, halollik va chinakam mardlik tuyg`usi bilan yashamoqlikka qaratilgandir.